2 daqiqa o'qish

Ikki sarkarda: biri strateg, biri taktik

Tarixiy voqeaga asoslangan, biznesdagi strategiya va taktika farqini tushuntiruvchi hikoya.

Miloddan avvalgi 216-yil. Italiya.

Rim imperiyasi o‘z davrining eng qudratli armiyalaridan biriga ega edi. Ularning qarshisida esa Karfagen sarkardasi — Gannibal Barka turardi.

Gannibal Rimni shunchaki jangda yengishni emas, balki uning ittifoqchilarini Rimdan ajratib, butun Rim davlatini taslim bo‘lishga majbur qilishni maqsad qilgan edi.

Uning strategiyasi shu edi.

Ammo Rim bilan ochiq jang qilish juda xavfli edi. Rim armiyasi son jihatdan ustun edi.

Shunda Gannibal kutilmagan qaror qabul qildi.

U Alp tog‘lari orqali Italiyaga bostirib kirdi. Bu yo‘l nihoyatda xavfli, sovuq va mashaqqatli edi. Hatto askarlarining bir qismi va fillarining ko‘pi yo‘qotildi.

Lekin u Italiyaga yetib bordi.

Bu — strategiyani amalga oshirish uchun tanlangan yo‘l edi.

Miloddan avvalgi 216-yil, Kann shahri yaqinida ikki armiya to‘qnashdi.

Rimliklar son jihatdan ancha ustun edi. Ular Gannibalni markazdan yorib o‘tish orqali mag‘lub etmoqchi bo‘lishdi.

Ammo Gannibalning jang maydonidagi taktikasi boshqacha edi.

U markazdagi qo‘shinlarini ataylab orqaga chekinayotgandek joylashtirdi. Rim armiyasi oldinga bostirib kirdi.

Shu payt Gannibalning ikki qanotdagi qo‘shinlari Rim armiyasini ikki tomondan qurshab oldi.

Natijada tarixdagi eng mashhur harbiy qurshovlardan biri yuz berdi. Rim armiyasi dahshatli mag‘lubiyatga uchradi.

Endi hikoyaning biznesga aloqasiga qarang.

Gannibalning Rimni siyosiy va harbiy jihatdan mag‘lub etish rejasi — strategiya edi.

Alp tog‘lari orqali yurish, qo‘shinlarni joylashtirish, markazni chekinayotgandek ko‘rsatish va qanotlardan qurshab olish — taktikalar edi.

Bir maqsad. Ammo unga erishish uchun ko‘plab aniq harakatlar.

Biznesdagi xulosa

Tasavvur qil: sen premium wellness markazini boshqaryapsan.

Sening strategiyang — narx bilan raqobatlashmasdan, premium mijozlar uchun yuqori qiymatli tajriba yaratish.

Buning uchun:

  • Premium segmentga mos brend pozitsiyasini yaratishing mumkin.
  • Mehmonxonalar bilan hamkorlik qilishing mumkin.
  • Korporativ mijozlar segmentiga kirishing mumkin.
  • Mijozlarni CRM orqali qayta jalb qilishing mumkin.
  • Influencerlar bilan ishlashing mumkin.

Bular taktika.

Agar biror influencer bilan ishlash natija bermasa, uni o‘zgartirishing mumkin. Bu taktikani o‘zgartirish.

Ammo premium pozitsiyadan voz kechish — strategiyani o‘zgartirish bo‘ladi.

Strategiya — g‘alabani qanday qo‘lga kiritishni belgilaydi. Taktika esa o‘sha g‘alabaga olib boradigan janglarni qanday yutishni belgilaydi.

Va eng muhim jumla:

Strategiyasiz taktika — maqsadsiz harakat. Taktikasiz strategiya esa qog‘ozdagi chiroyli reja.

Bilol alixan

Bilol alixan bilan bog'lanish

Fikr qoldiring yoki savol bering